Sayt test rejimida ishlamoqda / Сайт тест режмида ишламоқда / The site is running in test mode / Сайт работает в тестовом режиме
TelegramTwitterphoneInstagramYouTubeFacebook
Ombudsman boshchiligidagi ekspert guruhi ayollar koloniyasiga borishdi
Xabaringiz bor, Ombudsman huzuridagi Qiynoqlarning oldini olish bo‘yicha Milliy preventiv mexanizm doirasida jamoatchilik vakillari hamda OAV bilan birgalikda muntazam ravishda jazoni ijro etish muassasalari, tergov hibsxonalari va boshqa yopiq muassasalarga inson huquqlarining taʼminlanishi monitoring tashriflari amalga oshirib kelinmoqda.

Navbatdagi monitoring joriy yilning 14 aprel kuni Toshkent viloyati, Zangiota tumanidagi 21-sonli jazoni ijro etish muassasasiga uyushtirildi.

1600  o‘ringa ega bo‘lgan Respublikada yagona ayollar jazoni ijro etish muassasasida hozirda 500 nafardan ortiq mahkumalar  saqlanmoqda. Ularning 3 nafari voyaga yetmaganlardir.

Ombudsman boshchiligidagi Ekspert guruhi aʼzolari dastlab mahkuma ayollar yotoqxonasini ko‘zdan kechirdi. Yotoqxonalarda mahkumalar uchun yaratilgan shart-sharoitlar talab darajasida, ular bilan suhbat davomida ham hech bir mahkuma muassasa sharoiti yoki xodimlar muomalasidan shikoyat qilmadi. Oylik maoshlari miqdori haqida so‘ralganida 400-700 ming so‘mgacha buyurtmaga qarab ish xaqi olishlarini, kasal va yoshi katta mahkumalar ishga jalb qilinmasligini, kasb-hunarga o‘rgatilgan ayollarga sertifikatlar berilishini qayd etishdi.

Kelganimda hech qanday hunarim yo‘q edi. Muassasada tikuvchilikni o‘rgatishdi, tikuv mashinani tuzatishni bilaman, elektrik kasbini o‘zlashtirdim. Ozodlikka chiqsam bemalol halol yo‘l bilan farzandlarimni boqa olaman.” – dedi mahkumlardan biri.

Ekspert guruhi aʼzosi Aʼzamjon Farmonov mahkumalardan isonparvarlik dalolatnomalarini qo‘llanilishi holati haqida so‘raganida, shu yil qoidabuzarligi yechilmagan 27 nafar mahkumaga nisbatan ham istisno tariqasida insonparvarlik dalolatnomalari qo‘llanilganligini bildirishdi.

Muassasada 2 ta bolalar uyi tashkil etilgan bo‘lib, u yerda 21 nafar onalar 3 yoshgacha bo‘lgan farzandi bilan 24 soat davomida birga bo‘lishi uchun imkoniyat sharoitlar yaratilgan. Bolalali mahkumalar majburiy ishga jalb qilinmaydi, lekin ixtiyoriy ravishda ishlash istagini bildirganlar farzandlarini tarbiyachi yoki hamshiralarga qoldirishi mumkin. Ona va bolalar krovatlari yonma-yon joylashtirilgan bo‘lib, bola parvarishi uchun zarur bo‘ladigan barcha kiyim-kechak, oziq-ovqat, vitamin va dori-darmon vositalari bilan taʼminlangan. Muassasada saqlanayotgan ona-bolalar salomatligi uchun 20 ta tarbiyachi va hamshiralar biriktirilgan. Uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etilgan mahkumalarning farzandlari 3 yoshdan keyin yaqin qarindoshlari yoki mahkumaning roziligiga asosan bolalar uyiga topshiriladi.

Mahkumalardan biri bilan suhbatlashilganda, u kun davomida farzadi yonida bo‘lishi, kunning har qaysi paytida tibbiy xodimlarga murojaat qilishi mumkinligini qayd etdi.

Yaqinda o‘g‘limni tishi chiqayotgani uchun kechasi bilan istma qilganida hamshiralar ertalabgacha qarab chiqishdi. Har kuni yangi sut, sharbat va olma berishadi. Kelganimdan beri uydan kiyim olmayman, tagligidan tortib oyoqkiyimlarigacha berishadi.

Muassasada o‘rnatilgan tartibga ko‘ra, mahkumalar va ularning yaqinlari uzoq va qisqa muddatda uchrashishlari mumkin. Uchrashuvlar muddati mahkumalarni ko‘rishga kelganlarning qarindoshlik darajasiga qarab belgilanadi. Mahkumalar har 2 oyda bir marta yaqinlari bilan ko‘rishish imkoniyatiga ega.

Ombudsman boshchiligidagi Ekspert guruhi aʼzolari mahkumalarning asosiy vaqti o‘tadigan ishlab chiqarish hududini ham ko‘zdan kechirdi. Muassasa rahbarining so‘zlariga ko‘ra, ishga yaroqli mahkumalarning 60 foizi 4 ta ishlab chiqarish sexlarida mehnat qilishadi. 55 yoshdan katta va bolali mahkumalar ishga jalb qilinmaydi.

Monitoring tashrifi davomida tibbiy bo‘lim, kutubxona, oshxona va yangi qurilgan tikuvchilik sexi va fuqarolar qabulxonasidagi shart-sharoitlar ham o‘rganildi. Obyektlarni o‘rganish davomida tibbiyot xodimlarining oylik maoshlari kamligi sababli muassasdagi 8 ta shifokor o‘rni vakant ekani, oshxonalardagi idish-tovoqlar almashtirilishi kerakligi aniqlandi.

Muassasa hududida zamon talablariga javob beradigan va kulayliklarga ega bo‘lgan yangi tikuv sexi qurilmoqda. Ushbu tikuv sexida mahkumlar mehnat bilan band bo‘lishlari uchun barcha shart-sharoitlar va mehnat xavfsizligi normalari inobatga olingan. Tikuv sexi shu oy yakunida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan.

Shu bilan bir qatorda, koloniya hududida qurilish ishlari ham amalga oshirilayotganligi. Rejalashtirilgan loyihaga asosan muassasaga mahkumalar bilan uchrashuvga kelgan shaxslar uchun alohida kirish joyi tashkil etilishi. Ahamiyatli tomoni, ushbu kirish joyida shaxslarni va ularni buyumlarini tekshirishda inson omilidan voz kechilib, zamonaviy skaner uskunalari yordamida tekshiruv yo‘lga qo‘yilishi ham nazarda tutilgan.

Monitoring tashrifi davomida Ombudsman va Ekspert guruhi bilan uchrashib, shikoyat qoldirish istagini bildirgan 20 dan ortiq mahkuma bilan yakka tartibda suhbatlar o‘tkazilib, murojaatlar qabul qilindi hamda tushuntirishlar berildi. Bundan tashqari 300 ga yaqin mahkumalar bilan ommaviy tarzda qabullar o‘tkazildi.

O‘rganish davomida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli muassasa rahbariga zaruriy tavsiyalar berildi.

Ombudsman hamda uning huzurida jamoatchilik vakillaridan iborat bo‘lgan Ekspert guruhi tomonidan jazoni o‘tash muassasalari va tergov hibsxonalarida monitoringlar tizimli davom ettiriladi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) Matbuot xizmati

Yangiliklar kategoriyalari